Samarqand viloyati Samarqand shahar
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

Samarqand shahridagi “Timur-Fayz” nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotida “Karantin choralarining yumshatilishi munosabati bilan maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini qayta tiklash va bosqichma-bosqich rivojlantirish istiqbollari” mavzusida viloyat amaliy seminari o‘tkazildi.

Xabaringiz bor, respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 15 iyundan boshlab, “yashil” va “sariq” hududlarda xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat beriladi.

         Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi va viloyat sanitariya epidemologik osoyishtalik markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur amaliy seminarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyati xavfsizligini ta'minlashda barcha sharoitlarni yaratish, jumladan tarbiyalanuvchilarga zarur imkoniyatlarni joriy etish, binolarni zararsizlantirish, kirishda dizenfeksion tunnel o‘rnatish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish borasida batafsil tushunchalar berildi.

         Ko‘rgazmali seminar doirasida viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasining  shahar, tuman bo‘limi mudirlari, xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etib, mutaxassislarning zaruriy tavsiyalari tinglandi. Bugungi kunda viloyatda 60 dan ziyod nodavlat xususiy  maktabgacha ta'lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ular 15 iyundan o‘z faoliyatini boshlashlarida barcha sanitariya me'yorlariga amal qilishlari shartligi bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi.

       Guruhlarda bolalar salomatligini ta'minlash maqsadida ijtimoiy masofani saqlash, xonalarni tez-tez shamollatish, o‘yinchoqlarni belgilangan vaqtda zararsizlantirish, ustki kiyim va tibbiy niqoblarni tez-tez almashtirish, pedagog-xodimlar muntazam niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi zarurligi tushuntirildi.

       - Maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini davom ettirishlarida tozalik va gigiyenaga albatta qat'iy rioya qilishlari shart va muhim.  Barcha xodimlar  COVID-19 infeksiyasiga tahlil topshirishlari kerak. Har kuni bog‘cha tarbiyalanuvchisining tana harorati pirometrda o‘lchanib, qo‘llari, ustki kiyimlari tibbiy himoya vositalari bilan zararsizlantirilishi lozim,,- dedi  viloyat sanitariya epidemologik osoyishtalik markazi bo‘lim mudiri Shoira Xalilova

         O‘zaro muloqot, savol-javob tarzida o‘tgan seminarda viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Rahmonov  shahar, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirlari 15 iyunga qadar bog‘chalarga  borib holatni o‘rganishi, binoda barcha zarur sanitar tadbirlarni amalga oshirishi, tibbiy himoya vositalari bilan ta'minlashi lozimligini ta'kidlab, joylarda bu kabi ko‘rgazmali amaliy seminarlar  tashkil etishi haqida ko‘rsatmalar berdi.


Kiritilgan vaqti: 10/06/2020 13:17;   Ko‘rilganligi: 136
 
Material manzili: http://samshaharmtb.uz/oz/news/samarqand-shahridagi-timur-fayz-nodavlat-maktabgacha-talim-tashkilotida-karantin-choralarining-yumshatilishi-munosabati-bilan-maktabgacha-talim-tashkilotlari-faoliyatini-qayta-tiklash-va-bosqichma-bosqich-rivojlantirish-istiqbollari-mavzusida-viloyat-amal
Chop etilgan vaqti: 03/12/2020 21:51